QR kod (Quick Response code) — bu ikki oʻlchovli shtrixkod boʻlib, tezkor maʼlumot olish uchun ishlatiladi. Uni smartfon yoki maxsus skanerlovchi qurilmalar yordamida o‘qish mumkin. QR kodlar raqamlar, harflar, veb-sayt havolalari, kontakt maʼlumotlari va boshqa turli maʼlumotlarni saqlashi mumkin. Ularni reklama, to‘lov tizimlari, transport chiptalari, savdo va xizmat ko‘rsatishda keng qo‘llashadi. QR kod 1994-yilda Yaponiyaning Denso Wave kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, maʼlumotni tezkor va oson saqlash hamda uzatishni maqsad qilgan. Ular ixcham, ishonchli va ishlatish qulayligi tufayli global darajada ommalashgan.